Qisqacha
Hujjatlar va Jadvallar sahifalarida fayllaringizni papka va teglar bilan tartiblash hamda ularning ichidagi matn bo‘yicha qidirish mumkin. Muharrirning yuqori panelida esa versiyalar tarixi, izohlar, rasmiy format tekshiruvi va havola orqali ulashish bor.
| Imkoniyat | Qayerda | Kim foydalana oladi |
|---|---|---|
| Papkalar | Fayllar ro‘yxati | Faqat o‘z fayllaringiz uchun |
| Teglar | Fayllar ro‘yxati | Har kim o‘z teglarini — sizga ulashilgan fayllarga ham |
| Matn bo‘yicha qidiruv | Fayllar ro‘yxati | Siz ko‘ra oladigan barcha fayllar |
| Versiyalar tarixi | Muharrir | Egasi va tahrirlash huquqi borlar |
| Izohlar | Muharrir | Faylga kirish huquqi bor har kim |
| Havola orqali ulashish | Muharrir → Ulashish | Faqat egasi |
| Rasmiy format | Matn muharriri | Tekshirish — hamma; tuzatish — egasi va tahrirlash huquqi borlar |
| Yangi alifboga o‘girish | Fayllar ro‘yxati | Faqat o‘z fayllaringiz uchun |
Papkalar
Papkalar faqat o‘zingizning fayllaringizni guruhlaydi. Hujjatlar va jadvallarning papkalari alohida: Hujjatlar sahifasida yaratilgan papka Jadvallarda ko‘rinmaydi.
-
Papka yarating
Ro‘yxat ustidagi Yangi papka tugmasini bosing, nomini yozing va Saqlashni bosing. Papka ochiq turgan joyda — bosh darajada yoki joriy papka ichida yaratiladi.
-
Fayllarni ko‘chiring
Bitta faylni ko‘chirish uchun qator oxiridagi menyusidan Papkaga ko‘chirishni tanlang. Bir nechtasini ko‘chirish uchun ularni chap tomondagi katakchalar bilan belgilang — ro‘yxat ustida Belgilandi: N paneli chiqadi, undagi Papkaga ko‘chirishni bosing.
-
Papkani tanlang
Ochilgan oynada papkalar daraxtidan kerakli papkani (yoki bosh daraja — Barcha hujjatlar / Barcha jadvallarni) tanlab, Papkaga ko‘chirishni bosing.
Papka ichida turganingizda yuqorida yo‘l (masalan, Barcha hujjatlar › Shartnomalar › 2026) va Nomini o‘zgartirish, Papkani o‘chirish tugmalari ko‘rinadi. Papka nomi yonidagi son — undagi fayllar soni (ichki papkalardagilarsiz).
- Ichma-ich
- Papkalar 5 darajagacha ichma-ich bo‘lishi mumkin.
- Nomlar
- Bitta joyda bir xil nomli ikkita papka bo‘lmaydi.
- Sizga ulashilgan fayllar
- Faqat bosh darajada ko‘rinadi — ularni papkaga qo‘yib bo‘lmaydi, lekin teg qo‘yish mumkin.
Papka o‘chirilganda fayllar o‘chmaydi
Papkani o‘chirish papkani barcha ichki papkalari bilan birga o‘chiradi. Ulardagi fayllar esa joyida qoladi va bosh darajaga chiqadi.
Fayl ichidagi matn bo‘yicha qidiruv
Hujjat izlash... maydoni fayllarni nomi bo‘yicha ham, ichidagi matn bo‘yicha ham topadi. Natija nomda emas, matnda topilgan bo‘lsa, fayl nomi ostida topilgan joy atrofidagi parcha ko‘rsatiladi.
- Yozuv farqi yo‘q. Lotin, kirill yoki yangi lotin alifbosida yozilgan so‘rov bir xil matnni topadi:
shartnoma,шартномаvaşartnoma— uchalasi ham “Шартнома” deb yozilgan hujjatni topadi. Apostrofning turli shakllari (o‘,o',oʻ) ham bir xil hisoblanadi. - Barcha papkalardan. Qidiruv yoki teg filtri yoqilganda natijalar papkadan qat’i nazar hamma joydan olinadi — ro‘yxat ustida Barcha papkalardan, fayl ichidagi matn bo‘yicha ham yozuvi chiqadi. Odatdagi ko‘rinishga qaytish uchun Barcha hujjatlarni bosing.
- Kamida 2 belgi. Matn ichidan qidirish so‘rov kamida 2 belgidan iborat bo‘lganda ishlaydi; undan qisqa so‘rov faqat nomlar bo‘yicha qidiradi.
Yangi matn biroz kechikib topiladi
Fayl matni qidiruvga fonda qo‘shiladi. Yangi yaratilgan yoki o‘zgartirilgan fayl qidiruv natijalarida odatda bir daqiqa ichida paydo bo‘ladi. Nomi bo‘yicha qidiruv esa darhol ishlaydi.
Matn bo‘yicha qidiruv .docx hujjatlar va .xlsx jadvallarda ishlaydi. Boshqa formatdagi fayllar faqat nomi bo‘yicha topiladi.
Versiyalar tarixi
O‘zOffice hujjat va jadvallaringizning oldingi holatlarini avtomatik saqlab boradi. Muharrirning yuqori panelidagi Versiyalar tugmasi Versiyalar tarixi oynasini ochadi. Tugma fayl egasiga va tahrirlash huquqi bor odamlarga ko‘rinadi.
Nusxa qachon olinadi
Har bir saqlashda emas, balki tahrir seansi boshlanishida: fayl o‘zgartirilishidan oldingi holati nusxa sifatida saqlanadi. Keyingi nusxa quyidagi hollarda olinadi:
- oxirgi nusxadan beri kamida 15 daqiqa o‘tgan bo‘lsa (uzoq ishlaganda ham davriy nuqtalar qoladi);
- ulashilgan faylni boshqa odam tahrirlay boshlasa — har kimning ishini alohida tiklash mumkin bo‘lsin.
Versiyani tiklash yoki yuklab olish
-
Versiyalar tarixini oching
Yuqorida Joriy versiya, uning ostida oldingi versiyalar: sana va vaqt, kim tahrirlagani va hajmi.
-
Kerak bo‘lsa, avval yuklab oling
tugmasi (Shu versiyani yuklab olish) eski nusxani alohida fayl sifatida yuklab beradi — joriy faylga tegmaydi.
-
Tiklang
Versiya yonidagi Tiklashni bosing, so‘ng xuddi shu tugmada paydo bo‘lgan Tasdiqlashni bosing. Saqlanmagan o‘zgarishlar avval saqlanadi, keyin fayl tanlangan holatga qaytadi va sahifa yangilanadi.
Tiklashni ham bekor qilish mumkin: tiklashdan oldin joriy holat tiklashdan oldin belgisi bilan alohida versiya sifatida saqlanadi. Rasmiy format bo‘yicha avtomatik tuzatishdan oldingi holat esa formatdan oldin belgisi bilan saqlanadi.
- Nechta versiya
- Har bir fayl uchun 50 tagacha. 90 kundan eski versiyalar o‘chiriladi, lekin eng yangi 5 tasi yoshidan qat’i nazar saqlanib qoladi.
- Saqlash joyi
- Versiyalar tarifingizdagi saqlash hajmiga hisoblanmaydi. Faqat tiklangan versiya joriy fayldan katta bo‘lsa, farq uchun bo‘sh joy kerak.
- O‘chirilganda
- Fayl Savatdan butunlay o‘chirilsa, uning versiyalari ham o‘chadi.
Havola orqali ulashish
Hisobi yo‘q odamga faylni ko‘rsatish kerak bo‘lsa, ommaviy havola yarating. Havolasi bor har kim faylni hisobsiz, faqat ko‘rish rejimida ochadi — tahrirlab bo‘lmaydi. Havolani faqat fayl egasi yarata oladi.
-
Ulashish oynasini oching
Faylni muharrirda oching va Ulashishni bosing. Oynaning pastki qismida Havola orqali bo‘limi bor.
-
Muddat va yuklab olishni tanlang
Havola muddatini tanlang: Muddatsiz, 1 kun, 7 kun yoki 30 kun. Ochgan odam faylni yuklab ola olishi kerak bo‘lsa, Yuklab olishga ruxsatni belgilang.
-
Havola yarating va darhol nusxa oling
Havola yaratishni bosing, so‘ng Nusxa olish tugmasi bilan havolani nusxalang va kerakli odamga yuboring.
To‘liq havola faqat bir marta ko‘rsatiladi
Oyna yopilgandan keyin havolani qayta ko‘rib bo‘lmaydi. Uni yo‘qotsangiz, eskisini bekor qilib, yangisini yarating.
Havolani ochgan odam nimani ko‘radi
- Faylning eng so‘nggi saqlangan holatini Faqat ko‘rish belgisi bilan.
- Jadval rang va chegaralarsiz oddiy jadval ko‘rinishida chiqadi (kataklardagi saqlangan qiymatlar).
- Yuklab olishga ruxsat berilgan bo‘lsa — Yuklab olish tugmasi (asl fayl) va matn hujjatlari uchun PDF tugmasi. Jadvallar uchun PDF yo‘q.
Havolalarni boshqarish
Ulashish oynasida faol havolalar ro‘yxati ko‘rinadi: havolaning boshlanishi, muddati va necha marta ko‘rilgani. Havolani o‘chirish uchun Bekor qilishni bosing — u darhol ishlamay qoladi.
Havola quyidagi hollarda ham ochilmaydi: muddati tugaganda, fayl Savatga o‘tkazilganda yoki o‘chirilganda, shuningdek fayl egasining hisobi bloklangan yoki o‘chirilgan bo‘lsa.
Rasmiy format: tekshirish va avtomatik tuzatish
Matn muharririning yuqori panelidagi Rasmiy format tugmasi hujjatni “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonun (O‘RQ-682) Yagona uslubiyati talablari bo‘yicha tekshiradi. Bu imkoniyat .docx hujjatlar uchun ishlaydi.
| Talab | Qiymat |
|---|---|
| Sahifa o‘lchami va holati | A4 (210×297 mm), kitob holati |
| Maydonlar | chap 30 mm, o‘ng 20 mm, yuqori 20 mm, pastki 20 mm |
| Shrift | Times New Roman |
| Matn o‘lchami | 14 pt (jadval ichida 12–14 pt) |
| Satr boshi | 1,27 sm — asosiy matn xatboshilari uchun |
| Qator oralig‘i | 1 (yakka) |
| Sahifa raqamlari | yuqorida o‘rtada, 2-betdan boshlab (bir betli hujjatda talab qilinmaydi) |
-
Tekshiring
Rasmiy formatni bosing. Saqlanmagan o‘zgarishlar avval saqlanadi, so‘ng Rasmiy hujjat formati oynasida natija chiqadi: har bir buzilgan talab, hozirgi qiymat (qizil) va kerakli qiymat (yashil). Talab matnning bir qismida buzilgan bo‘lsa, ulushi ham ko‘rsatiladi, masalan “(matnning 35%)”. Hammasi joyida bo‘lsa — Hujjat rasmiy formatga mos.
-
Tuzating
Hammasini tuzatishni bosing. Shrift, o‘lchamlar, satr boshi, qator oralig‘i, sahifa o‘lchami, maydonlar va sahifa raqamlari talablarga keltiriladi, sahifa yangilanadi.
Tuzatishdan oldin hujjatning joriy holati versiyalar tarixiga formatdan oldin belgisi bilan saqlanadi. Natija yoqmasa, o‘sha versiyani tiklang.
- Sarlavha, imzo yoki izoh kabi kichik farqlar natijani buzmaydi: talab matnning sezilarli qismida buzilgandagina muammo deb ko‘rsatiladi.
- Satr boshi faqat asosiy matn xatboshilariga qo‘llanadi: qisqa qatorlar (sarlavha, imzo), markazga yoki o‘ngga tekislangan matn, ro‘yxatlar va jadval ichidagi matn bundan mustasno.
- Hujjatda blanka (sarlavha qismi) bo‘lsa, u saqlanadi — sahifa raqami unga qo‘shiladi.
- Hammasini tuzatish tugmasi fayl egasi va tahrirlash huquqi bor odamlarga ko‘rinadi. Faqat ko‘rish huquqi bilan hujjatni tekshirish mumkin, lekin o‘zgartirib bo‘lmaydi.
Word plaginida ham xuddi shu qoidalar bo‘yicha ishlaydigan Rasmiy format tugmasi bor — Word’da O‘zOffice plaginidan foydalanish.
Yangi lotin alifbosiga ommaviy o‘girish
Bir yoki bir nechta faylni yangi lotin alifbosiga (2026) o‘tkazish mumkin. Manba kirill yoki amaldagi lotin yozuvida bo‘lishi mumkin. O‘zOffice har bir faylning nusxasini yaratadi — asl fayllar o‘zgarmaydi.
-
Fayllarni tanlang
Bitta fayl uchun qator menyusidagi → Yangi alifboga o‘girishni tanlang. Bir nechta fayl uchun ularni katakchalar bilan belgilang va Belgilandi: N panelidagi Yangi alifboga o‘girishni bosing.
-
Tasdiqlang
Oynada Saqlashni bosing. Tayyor bo‘lgach, “Nusxalar yaratildi” xabari chiqadi.
-
Nusxani oching
Nusxa asl fayl turgan papkada “… (yangi alifbo)” nomi bilan paydo bo‘ladi.
- Qaysi fayllar
- O‘zingizning
.docxhujjat va.xlsxjadvallaringiz; bir yo‘la 50 tagacha. - Hujjatlarda
- Asosiy matn, kolontitullar, sahifa osti va oxiridagi izohlar o‘giriladi; formatlash saqlanadi.
- Jadvallarda
- Faqat matnli kataklar o‘giriladi. Raqamlar, formulalar va varaq nomlariga tegilmaydi.
- Chegaralar
- Har bir nusxa yangi fayl hisoblanadi: tarifingizdagi fayllar soni va saqlash hajmiga hisoblanadi, faol obuna talab qilinadi.
Yangi alifboga o‘girish tugmasi ko‘rinmasa, bu imkoniyat hozircha yoqilmagan — keyinroq qayta tekshiring.
Ko‘p beriladigan savollar
Hujjatni endigina saqladim, lekin matn bo‘yicha qidiruv uni topmayapti. Nega?
Fayl matni qidiruvga fonda qo‘shiladi — bir daqiqacha kuting va qayta qidiring. Shuningdek, matn bo‘yicha qidiruv faqat .docx va .xlsx fayllarda ishlashini, so‘rov kamida 2 belgi bo‘lishi kerakligini yodda tuting.
Papkani o‘chirsam, ichidagi fayllar ham o‘chadimi?
Yo‘q. Papka va uning ichki papkalari o‘chadi, fayllar esa bosh darajaga chiqadi.
Sizga ulashilgan faylni papkaga qo‘ysa bo‘ladimi?
Yo‘q, papkalar faqat o‘z fayllaringiz uchun. Ulashilgan faylni topish oson bo‘lishi uchun unga teg qo‘ying — tegni faqat siz ko‘rasiz.
Versiyalar har saqlashda olinadimi?
Yo‘q. Nusxa tahrir seansi boshlanishida, so‘ng uzoq ishlaganda kamida 15 daqiqada bir marta va boshqa odam tahrirlay boshlaganda olinadi. Shuning uchun har bir versiya — “shu tahrirdan oldingi holat”.
Ommaviy havolani yo‘qotib qo‘ydim. Uni qayta ko‘rsam bo‘ladimi?
Yo‘q, to‘liq havola faqat yaratilganda bir marta ko‘rsatiladi. Eskisini Bekor qilish bilan o‘chiring va yangisini yarating.
Havola orqali ochgan odam izohlarni ko‘radimi?
Yo‘q. Havola orqali faqat faylning mazmuni ko‘rinadi.
Izohlar
Muharrirning yuqori panelidagi Izohlar tugmasi o‘ng tomonda izohlar panelini ochadi. Tugmadagi son — ochiq izohlar soni. Izohlar hujjatning o‘ziga yozilmaydi: ular alohida saqlanadi va faylni yuklab olganda yoki havola orqali ko‘rganda chiqmaydi.
Matnni belgilang (ixtiyoriy)
Matn hujjatida izoh qaysi joyga tegishli ekanini ko‘rsatish uchun matnni belgilang va panelni oching — belgilangan matn izohga iqtibos sifatida qo‘shiladi. Panel ochiq bo‘lsa, matnni belgilab Belgilanganni iqtibosni bosing.
Izoh yozing
Izoh yozing… maydoniga matnni kiriting va Yuborishni bosing.
Javob bering va yoping
Har bir izoh ostidagi Javob… maydoni orqali javob yozish mumkin. Masala hal bo‘lgach, Hal qilindini bosing — izoh Hal qilingan bo‘limiga o‘tadi. Kerak bo‘lsa, u yerdan Qayta ochish mumkin.
Izohni o‘chirish uchun uning yonidagi belgisini ikki marta bosing (birinchi bosish tasdiqlashni so‘raydi). Izohlar jadvallarda ham ishlaydi, faqat iqtibos qo‘shish imkoniyati matn hujjatlarida bor.