Hujjat yordamchisi nima
Hujjat yordamchisi — vaziyatingizni oddiy so‘zlar bilan yozganingizda kerakli hujjatni topib, uni siz bilan birga to‘ldiradigan suhbatdosh. Hujjatning rasmiy nomini yoki tuzilishini bilish shart emas: “kvartiramni bir yilga ijaraga bermoqchiman” yoki “do‘stimga qarz berdim” deb yozasiz, yordamchi mos hujjatni tanlaydi, yetishmagan ma’lumotlarni birma-bir so‘raydi va to‘ldirilgan hujjatni tayyorlab beradi.
- Qayerda
- Boshqaruv panelining chap menyusidagi Hujjat yordamchisi bo‘limi yoki /documents/assistant manzili.
- Qanday hujjatlar
- 300 ga yaqin hujjat turi: oldi-sotdi, ijara, qarz, pudrat va xizmat ko‘rsatish shartnomalari; kadrlar bo‘yicha buyruq, mehnat shartnomasi va xodim arizalari; sudga da’vo, ariza, iltimosnoma va shikoyatlar; ishonchnomalar, talabnomalar va davlat organlariga murojaatlar.
- Qaysi tilda yozish mumkin
- O‘zbekcha (lotin yoki kirill yozuvida) va ruscha. Tayyor hujjat o‘zbek tilida — lotin yoki kirill yozuvida bo‘ladi.
- Kim foydalana oladi
- Ro‘yxatdan o‘tgan har bir foydalanuvchi. Bir oyda yordamchi orqali tayyorlanadigan hujjatlar soni tarifga bog‘liq; tayyor hujjatni yuklab olish uchun faol obuna kerak (ro‘yxatdan o‘tgach 7 kunlik bepul sinov beriladi).
Suhbatni boshlash
-
Yordamchini oching
Chap menyudagi Hujjat yordamchisini bosing. Boshlash ekranida “Qanday hujjat kerak?” maydoni, tayyor misollar va oxirgi suhbatlaringiz bor.
-
Vaziyatingizni yozing
Nima bo‘lganini va nima qilmoqchi ekaningizni o‘z so‘zlaringiz bilan yozing yoki Masalan qatoridagi tayyor misollardan birini bosing. Enter — yuborish, Shift+Enter — yangi qator.
-
Hujjatni tasdiqlang
Yordamchi qaysi hujjat kerak deb o‘ylaganini aytadi va to‘g‘rimi deb so‘raydi — Ha, shu hujjat yoki Boshqa hujjatni tanlang. Vaziyat noaniq bo‘lsa, u avval bitta aniqlashtiruvchi savol beradi va javob variantlarini ko‘rsatadi: hujjat nomlari emas, oddiy vaziyatlar (masalan, “pulni qaytarishmayapti” yoki “qarz berish uchun shartnoma kerak”).
Birinchi xabarda ko‘proq yozing
Kim, kimga, nima uchun, qancha va qachon — bilganingizni birinchi xabardayoq yozing: “Toshkentdagi 2 xonali kvartiramni Aliyev Valiga 1-noyabrdan bir yilga oyiga 4 mln so‘mdan ijaraga beraman”. Yordamchi xabardagi hamma ma’lumotni o‘zi oladi va ularni qayta so‘ramaydi.
Savollarga javob berish
Hujjat tanlangach, yordamchi yetishmagan ma’lumotlarni bittadan so‘raydi. Javobni oddiy so‘zlar bilan yozavering — u sana, summa, telefon va boshqa qiymatlarni o‘zi taniydi.
| Nima so‘ralganda | Qanday javob berish mumkin |
|---|---|
| Sana | “1-noyabr 2026”, “01.11.2026” yoki taqvimdan tanlang; Bugun va Ertaga tugmalari ham bor. |
| Summa yoki son | “5 000 000”, “5 mln” yoki “besh million”. |
| Variantli savol | Tugmalardan birini bosing yoki javobni o‘zingiz yozing. |
| Hujjat tarafi (shaxs yoki tashkilot) | Kartochkadagi maydonlarni to‘ldiring yoki hammasini bitta xabarda yozing — yordamchi kartochkaga o‘zi joylaydi. * belgili maydonlar majburiy. |
- O‘tkazib yuborish — bilmagan savolni keyinga qoldiradi; uni hujjatni ochganda to‘ldirasiz.
- Bu nima? — savol nimani anglatishini va namunaviy javobni ko‘rsatadi.
- Orqaga — oxirgi javobni bekor qilib, o‘sha savolni qayta beradi.
- Suhbat sarlavhasidagi chiziq nechta savolga javob berilganini ko‘rsatadi (masalan, “11 / 24 savol”).
- Keng ekranda hujjat ko‘rinishi o‘ng tomonda doim turadi va har javobdan keyin yangilanadi; uning pastidagi Lotin / Kirill tugmalari yozuvni almashtiradi. Telefon va kichik ekranlarda hujjatni sarlavhadagi Hujjat tugmasi ochadi.
Yordamchi javoblarni tekshiradi: masalan, umumiy summa bosqichlar yig‘indisiga to‘g‘ri kelmasa, qaysi biri to‘g‘ri ekanini so‘raydi.
Tekshirish va hujjatni ochish
Asosiy ma’lumotlar to‘plangach, yordamchi ixtiyoriy bandlarni ham to‘ldirishni taklif qiladi (Ha, to‘ldiramiz yoki Yo‘q, hujjatga o‘tamiz). So‘ng barcha javoblar ro‘yxati chiqadi — biror qiymatni o‘zgartirish uchun uning yonidagi qalamchani bosing yoki chatga yozing, masalan: “narxni 6 mln qiling”.
Hujjatni ochish tugmasi to‘ldirilgan hujjatni alohida sahifada ochadi:
- Chap tomondagi bo‘limlarda (masalan, “Shartnoma rekvizitlari”, “Taraflar”) yordamchi to‘ldirgan qiymatlarni tekshirasiz va o‘tkazib yuborilganlarini kiritasiz; har bir bo‘lim nechta maydoni to‘lganini ko‘rsatadi, hujjat matni esa darhol yangilanadi. Yuqoridagi foiz va tugmasi to‘ldirilmagan yoki tekshirilishi kerak bo‘lgan joyga olib boradi.
- Lotin / Kirill — hujjat yozuvini tanlaydi.
- DOCX — hujjatni Word faylida yuklab oladi; Muharrirda ochish — uni “Hujjatlarim”ga saqlab, O‘zOffice matn muharririda ochadi.
- Izohlar va qonuniy asos — hujjat qaysi qonun hujjatlari asosida tuzilgani va muhim eslatmalar.
- Saqlangan rekvizitlar — tez-tez ishlatiladigan tashkilot yoki shaxs ma’lumotlarini saqlab, keyingi hujjatlarda bir bosishda qo‘yish.
- Beta belgisi hujjat hali qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tayotganini bildiradi — uni ayniqsa diqqat bilan o‘qing.
Hujjatni albatta o‘qib chiqing
Yordamchi sun’iy intellektga asoslangan va xato qilishi mumkin; u yuridik maslahat bermaydi. Imzolash yoki biror organga topshirishdan oldin hujjat mazmuni, ism-shariflar, summalar va sanalarni tekshiring. Muhim bitimlarda huquqshunos bilan maslahatlashing.
Ishni keyin davom ettirish
Suhbatning har bir qadami va hujjat sahifasidagi har bir o‘zgarish avtomatik saqlanadi. Brauzerni yopsangiz yoki boshqa qurilmadan kirsangiz ham to‘xtagan joyingizdan davom ettirasiz.
- Yordamchining boshlash ekranida tugallanmagan ish bo‘lsa, Tugallanmagan ishingiz bor kartasi chiqadi; pastda Oxirgi suhbatlar ro‘yxati bor.
- Chap menyudagi Qoralamalar sahifasida barcha ishlar uch bo‘limda: Jarayonda, Tayyor va Suhbatlar. Keraksiz yozuvni Ro‘yxatdan olib tashlash mumkin — darhol chiqadigan Qaytarish tugmasi uni qaytaradi.
- Boshqa hujjat kerak bo‘lsa, suhbat menyusidan () Yangi suhbatni tanlang — joriy suhbat saqlanib qoladi.
Limit va obuna
- Bir oyda yordamchi orqali tayyorlanadigan hujjatlar soni tarifingizga bog‘liq. Joriy holat boshlash ekranida ko‘rinadi: “Bu oy yordamchi orqali: 2 / 5 ta hujjat”.
- Hujjat turi tanlanganda u limitdan bitta hisoblanadi. Hujjat tanlanmagan suhbatlar (aniqlashtirish bosqichida qolgan yoki mos hujjat topilmagan) hisoblanmaydi.
- Limit tugasa, allaqachon boshlangan hujjatlarni davom ettirish mumkin; yangisini keyingi oy yoki tarifni oshirgach boshlaysiz.
- Tayyor hujjatni DOCX yuklab olish yoki muharrirda ochish uchun faol obuna kerak.
- Bitta xabar 1000 belgigacha bo‘lishi mumkin.
- Sun’iy intellekt xizmati vaqtincha ishlamay qolsa, yordamchi soddalashtirilgan rejimda ishlaydi: hujjat va javoblarni tugmalar orqali tanlaysiz.
Ma’lumotlaringiz xavfsizligi
Xabarlaringizni tushunish uchun yordamchi O‘zbekistondan tashqarida joylashgan sun’iy intellekt xizmatidan foydalanadi. Shuning uchun:
- pasport, JShShIR, bank kartasi va hisob raqamlari, telefon, elektron pochta, STIR va MFO yuborishdan oldin yashirin belgilar bilan almashtiriladi — haqiqiy qiymatlar faqat hujjatingizga yoziladi;
- taraf kartochkasiga kiritilgan ma’lumotlar sun’iy intellekt xizmatiga umuman yuborilmaydi;
- familiya, ism, manzil va tashkilot nomi ma’noni tushunish uchun kerak, shuning uchun ular yashirilmaydi — oshkor qilishni istamagan ma’lumotni yozmang;
- suhbat menyusidagi Suhbatdan xizmatni yaxshilashda foydalanishga ruxsat beraman belgisi sukut bo‘yicha o‘chiq; uni o‘zingiz yoqsangizgina suhbatdan yordamchini yaxshilashda foydalanamiz.
Batafsil: Maxfiylik siyosati — Hujjat yordamchisi va sun’iy intellekt.
Ko‘p beriladigan savollar
Yordamchi kerakli hujjatni topmasa-chi?
Vaziyatni boshqacha so‘zlar bilan yozib ko‘ring: kim, kimga va nima uchun. Mos hujjat bo‘lmasa, so‘rovingiz qayd etiladi — yangi hujjatlar aynan shunday so‘rovlar asosida qo‘shiladi. Kundalik ariza va xatlar uchun hujjat namunalaridan ham foydalanishingiz mumkin.
Ruscha yozsam bo‘ladimi?
Ha. Yordamchi o‘zbekcha (lotin va kirill) hamda ruscha xabarlarni tushunadi. Tayyor hujjat o‘zbek tilida bo‘ladi — lotin yoki kirill yozuvini hujjat sahifasida tanlaysiz.
Yordamchi yuridik maslahat beradimi?
Yo‘q. U hujjatni tanlash va to‘ldirishga yordam beradi, lekin advokat yoki yurist o‘rnini bosmaydi. Hujjat amaldagi qonunchilik asosida tuziladi, biroq uni vaziyatingizga mosligini o‘zingiz tekshirasiz.
Tayyor hujjatni Microsoft Word’da tahrirlasa bo‘ladimi?
Ha, DOCX tugmasi oddiy Word faylini beradi. Word’da o‘zbekcha imlo tekshiruvi kerak bo‘lsa, O‘zOffice Word plaginini o‘rnating.
Javobni noto‘g‘ri yozib yuborsam-chi?
Chatga to‘g‘risini yozing (“sana 5-noyabr bo‘lsin”) yoki tekshirish ro‘yxatidagi qalamchani bosing. Hujjat sahifasida ham istalgan qiymatni o‘zgartirish mumkin.