1. Bosh sahifa
  2. Yordam markazi
  3. Hujjat shablonlari
Hujjat va jadvallar

Hujjat shablonlari: tayyor namunalardan foydalanish

Ariza, xat, buyruq, dalolatnoma va boshqa kundalik hujjatlarning lotin va kirill yozuvidagi tayyor shablonlari. Bo‘sh shablon va to‘ldirilgan namuna farqi, ularni yuklab olish va onlayn to‘ldirish.

Yangilangan:

Hujjat shablonlari nima

O‘zOffice’da ish yuritishda eng ko‘p kerak bo‘ladigan hujjatlarning tayyor shablonlari bor: arizalar, tushuntirish xati, ma’lumotnoma, obyektivka, rezyume, rasmiy xatlar, buyruq, bayonnoma, dalolatnomalar, ishonchnoma va tilxatlar. Har bir shablon:

  • lotin va kirill yozuvida tayyor;
  • to‘ldirilgan namunasi bilan keladi — hujjat qanday yozilishini ko‘rasiz;
  • DOCX formatida: O‘zOffice muharririda ham, Microsoft Word’da ham ochiladi.
Ochiq katalog
/hujjat-namunalari — barcha shablonlar ro‘yxati va namunalari.
Boshqaruv paneli
Chap menyudagi Shablonlar bo‘limi — nusxani bir bosishda hujjatlaringizga qo‘shish.
Kim ko‘ra oladi
Bir nechta mashhur namuna — hamma; qolganlari — ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchilar.
Yuklab olish va to‘ldirish
Faol obuna bilan (ro‘yxatdan o‘tgach 7 kunlik bepul sinov beriladi).

Bo‘sh shablon va to‘ldirilgan namuna

Har bir shablonning ikki ko‘rinishi bor:

Bo‘sh shablon

To‘ldirish kerak bo‘lgan joylar [kvadrat qavs] ichida, sana va raqamlar uchun “___” __________ kabi bo‘sh chiziqlar qoldirilgan. Aynan shuni yuklab olib yoki muharrirda ochib to‘ldirasiz.

To‘ldirilgan namuna

Xuddi shu hujjat, lekin hamma joyi namunaviy ma’lumotlar bilan yozilgan: kimga, kimdan, qaysi sana, qanday so‘z bilan. O‘zingiznikini yozishdan oldin unga qarab chiqing.

Namunalardagi ism, tashkilot, pasport, STIR va hisob raqamlari xayoliy — ular faqat har bir maydonga nima yozilishini ko‘rsatadi. Tashkilot nomlarida ataylab “Namuna” so‘zi ishlatilgan.

Ma’lumotnoma (obyektivka) shabloni boshidanoq to‘ldirilgan namuna ko‘rinishida: undagi ma’lumotlarni o‘zingiznikiga almashtirasiz.

Ochiq katalogdan foydalanish

  1. Katalogni oching

    Saytning yuqori menyusida Yechimlar → Hujjat namunalarini tanlang yoki /hujjat-namunalari manziliga o‘ting. Kerakli hujjatni qidiruv maydoni yoki toifalar (Arizalar, Kadrlar va mehnat, Xatlar, Tashkiliy hujjatlar, Ishonchnoma va tilxatlar) orqali toping.

  2. Shablon sahifasini oching

    Kartochkani bosing. Chap tomonda hujjatning o‘zi ko‘rinadi: yuqoridagi To‘ldirilgan namuna / Bo‘sh shablon tugmalari bilan ikki ko‘rinishni, Lotin / Kirill tugmalari bilan yozuvni almashtirasiz.

  3. Yuklab oling yoki onlayn to‘ldiring

    Bo‘sh shablonni yuklab olish va Namunani yuklab olish tugmalari DOCX faylni beradi, Onlayn to‘ldirish esa nusxani O‘zOffice hujjatlaringizga qo‘shib, muharrirda ochadi. Ikkalasi ham hisobingizga kirgan va obunangiz faol bo‘lsa ishlaydi.

Ochiq va yopiq shablonlar

Bir nechta mashhur namuna (masalan, umumiy ariza, ishga qabul arizasi, tushuntirish xati) hamma uchun to‘liq ochiq. Qolgan shablonlarda ro‘yxatdan o‘tmagan mehmon faqat nomi, tavsifi va to‘ldirish maslahatlarini ko‘radi — Ro‘yxatdan o‘tganlar uchun belgisi shuni bildiradi. Bepul ro‘yxatdan o‘tsangiz, barcha shablonlar to‘liq ochiladi.

Sahifaning pastida hujjatning to‘liq matni ham bor — Nusxa olish tugmasi bilan uni istalgan joyga qo‘yishingiz mumkin.

Boshqaruv panelida shablondan hujjat yaratish

  1. Shablonlar bo‘limini oching

    Chap menyudagi Shablonlarni bosing. Hujjatlar sahifasida ham eng ko‘p ishlatiladigan shablonlar qatori va Barcha shablonlar tugmasi bor.

  2. Ko‘rib chiqing

    Kartochkadagi Ko‘rish tugmasi hujjatni to‘liq ochadi. Yuqoridagi Yozuv almashtirgichi bilan lotin yoki kirill nusxani tanlang — tanlov keyingi safar ham eslab qolinadi.

  3. “Foydalanish”ni bosing

    Shablonning nusxasi hujjatlaringizga qo‘shiladi va darhol muharrirda ochiladi. Asl shablon o‘zgarmaydi — undan istalgancha foydalanishingiz mumkin.

Shablondan yaratilgan hujjat oddiy hujjat kabi hisoblanadi: u tarifingizdagi hujjatlar soni va saqlash joyi chegarasiga kiradi.

Shablonni to‘g‘ri to‘ldirish

  • [Kvadrat qavs] ichidagi matnni qavslari bilan birga o‘chirib, o‘rniga o‘z ma’lumotingizni yozing.
  • Kimga yozilayotganini (tashkilot, lavozim, F.I.Sh.) yuqori o‘ng burchakda, “…ga” qo‘shimchasi bilan ko‘rsating.
  • Lavozim va bo‘lim nomini shtat jadvalidagidek aynan yozing; summalarni raqam va so‘z bilan yozing.
  • Sana va imzo odatda qo‘lda qo‘yiladi — chop etgandan keyin.
  • Tayyor hujjatni muharrirdan DOCX qilib yuklab oling yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri chop eting (tarifingizda bo‘lsa, PDF ham).

Bu umumiy namunalar

Shablonlarda qonun moddalariga havola ataylab berilmagan. Ko‘chmas mulk, avtomobil yoki bank bilan bog‘liq ishonchnoma kabi ayrim hujjatlarni notarial tasdiqlash kerak — bunday hollarda mutaxassis bilan maslahatlashing.

Lotin yoki kirill

Har bir shablon va namuna ikkala yozuvda alohida tayyorlangan — o‘girishning hojati yo‘q, faqat kerakli yozuvni tanlang. O‘zingiz yozgan matnni boshqa yozuvga o‘tkazish uchun muharrirdagi o‘girish vositasidan yoki lotin–kirill o‘giruvchisidan foydalaning.

Mening shablonlarim

Tayyor shablonlardan tashqari o‘zingizning shablonlaringizni ham saqlash mumkin: tashkilot blankasi, shartnoma yoki doim to‘ldiradigan boshqa hujjat. Ular faqat sizga ko‘rinadi.

  1. Bo‘limni oching

    Chap menyudagi Mening shablonlarim bo‘limini bosing.

  2. Shablon qo‘shing

    Shablon qo‘shish tugmasini bosing va faylni Kompyuterdan yuklang yoki Hujjatlarimdan tanlang. Word fayllari qabul qilinadi: .docx, .dotx, .doc, .rtf, .odt — 15 MB gacha. Hujjatlar ro‘yxatida DOCX hujjat menyusidagi Shablon sifatida saqlash bandi ham shu oynani ochadi.

  3. Undan hujjat yarating

    Shablon kartochkasidagi Yangi hujjat tugmasi shablon nusxasidan yangi hujjat yaratadi. Asl shablon o‘zgarmaydi.

Har bir fayl saqlashdan oldin tekshiriladi: makrosli yoki ochilganda internetdan nimadir yuklaydigan hujjatlar qabul qilinmaydi. Hisobda 200 tagacha shablon saqlash mumkin; ular tarifingizdagi disk hajmiga kiradi va faol obuna talab qiladi.

Word plaginida

Barcha tayyor shablonlar va hisobingizdagi shaxsiy shablonlar O‘zOffice Word plaginining yon panelida ham bor: Matn tahriri → Hujjat shablonlari. U yerda shablonni yangi hujjat sifatida ochish yoki kursor turgan joyga qo‘yish, ochiq hujjatni shablon sifatida saqlash mumkin. Batafsil: Word plaginida hujjat shablonlari.

Ko‘p beriladigan savollar

Shablonni yuklab olish uchun nima kerak?

O‘zOffice hisobi va faol obuna. Ro‘yxatdan o‘tgach 7 kunlik bepul sinov beriladi — shu davrda ham barcha shablonlarni yuklab olish va onlayn to‘ldirish mumkin. Obunasiz faqat shablonlarni ko‘rish mumkin.

Shablonni Microsoft Word’da tahrirlasa bo‘ladimi?

Ha, fayllar oddiy DOCX. Word’da o‘zbekcha imlo tekshiruvi va lotin–kirill o‘girishi kerak bo‘lsa, O‘zOffice plaginini o‘rnating.

Kerakli shablon yo‘q bo‘lsa-chi?

Eng yaqin shablonni oling va matnini o‘zgartiring yoki bo‘sh hujjat yarating. Qaysi shablon kerakligini qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yozib qoldiring — katalog to‘ldirib boriladi.

Shablonni o‘zgartirsam, asl nusxa ham o‘zgaradimi?

Yo‘q. “Foydalanish” yoki “Onlayn to‘ldirish” har safar shablonning yangi nusxasini yaratadi; siz faqat o‘z nusxangizni tahrirlaysiz.

Savolingiz qoldimi?

Yordam xizmati o‘zbek, rus va ingliz tillarida javob beradi — odatda shu ish kuni ichida.