1. Bosh sahifa
  2. Yordam markazi
  3. Word plagini
  4. Faollashtirish
Word plagini

Word plagini litsenziyasini faollashtirish

Saytda API kaliti yarating, uni Word’da faollashtiring, kalitdagi kompyuterlarni boshqaring, muddat tugagach yangilang va internetsiz oflayn faollashtiring.

Yangilangan:

Litsenziya qanday ishlaydi

Plagin O‘zOffice obunangiz bilan ishlaydi. Uni hisobingizga ulash uchun API kaliti kerak — bu saytda yaratiladigan maxfiy satr. Kalitni Word’dagi plaginga qo‘yasiz, plagin uni server orqali tekshiradi va kompyuteringizni shu kalitga bog‘laydi.

Kalitlar soni
Tarifingizga bog‘liq. 7 kunlik bepul sinovda — 1 ta kalit
Bir kalitga nechta kompyuter
Tarifingizga bog‘liq. 7 kunlik bepul sinovda — 1 ta kompyuter
Kalit muddati
Kalit yaratilgan paytdagi obunangizning tugash sanasi
Qayerda boshqariladi
API kalitlari sahifasi (Profil → API kalitlari)

Tariflar va ulardagi kalitlar soni: Obunalar.

1. Saytda API kaliti yaratish

  1. API kalitlari sahifasini oching

    O‘zOffice hisobingizga kiring va uzoffice.uz/api-keys manziliga o‘ting (yoki profil sozlamalarida API kalitlari bo‘limini tanlang).

  2. «Kalit yaratish» tugmasini bosing

    API kalit yaratish oynasi ochiladi. Yorliq maydoniga kalit qaysi kompyuter uchunligini yozing, masalan «Ish kompyuteri» yoki «Uy noutbuki». Nom keyinchalik kalitlarni ajratishga yordam beradi.

  3. «Yaratish» ni bosing

    Kalitingiz tayyor oynasi chiqadi.

  4. Kalitni nusxalang

    Kalitni nusxalash tugmasini bosing — kalit xotiraga ko‘chiriladi. Plagin hali o‘rnatilmagan bo‘lsa, shu oynadagi Plaginni yuklab olish tugmasidan foydalaning. Oynani Tayyor bilan yoping.

    Kalit yaratilgandan keyingi oyna: ① Kalitni nusxalash tugmasi. Namunadagi kalit o‘ylab topilgan.

Kalit yo‘qolmaydi: u doim API kalitlari sahifasida saqlanadi. U yerda kalit yashirilgan holda ko‘rinadi — ko‘z belgisi uni ochadi, Nusxa olish tugmasi nusxalaydi.

«Kalit yaratish» tugmasi yo‘qmi?

Faol obuna bo‘lmasa, sahifada «Hozir sizda faol obuna yo‘q, shuning uchun API kaliti berilmaydi» degan yozuv va Tarif tanlash tugmasi chiqadi. Kalitlar soni tarif chegarasiga yetgan bo‘lsa — «Sizga ruxsat berilgan API kalitlarining maksimal soniga yetdingiz». Tarifni oshiring yoki keraksiz kalitni o‘chiring.

Kalit — parol kabi maxfiy ma’lumot. Uni boshqalarga bermang: kalitga ega har kim uni o‘z kompyuterida faollashtirib, sizning qurilmalar sonini band qilishi mumkin.

2. Word’da onlayn faollashtirish

  1. Litsenziya oynasini oching

    Word’da Matn tahriri yorlig‘idagi Litsenziya tugmasini bosing. UzOffice — Litsenziya va faollashtirish oynasi ochiladi.

  2. Kalitni qo‘ying

    Onlayn faollashtirish guruhidagi Litsenziya kaliti maydoniga (①) nusxalangan kalitni qo‘ying: Ctrl+V. Kalit boshida yoki oxirida ortiqcha belgi qolmaganiga ishonch hosil qiling.

  3. «Faollashtirish» ni bosing

    Faollashtirish tugmasini (②) bosing. Kompyuter internetga ulangan bo‘lishi kerak. Bir necha soniyadan keyin «Litsenziya muvaffaqiyatli faollashtirildi. Ilovani qayta ishga tushiring.» xabari chiqadi.

    Litsenziya oynasi: ① kalit maydoni, ② Faollashtirish tugmasi. Faollashtirilgach, yuqorida ● Onlayn faollashtirilgan, pastda ism va tugash sanasi ko‘rinadi. Ma’lumotlar namuna uchun.
  4. Word’ni qayta oching

    Word’ni to‘liq yopib, qayta oching. Shundan keyin Yozuvni oʻgirish, Imlo tekshiruvi va Imlo: lotin alifbosi guruhlari paydo bo‘ladi.

Faollashtirilgach, plagin har safar Word ochilganda litsenziyani fonda tekshiradi. Internet bo‘lmasa, plagin ishlashda davom etadi. Server kalitni rad etsa (masalan, kalit o‘chirilgan yoki muddati tugagan bo‘lsa), plagin funksiyalari o‘chadi va holat satrida sababi yoziladi.

Litsenziya holatini ko‘rish

Litsenziya tugmasini istalgan vaqtda bosib, holatni tekshirishingiz mumkin:

  • Oyna tepasida faollashtirish turi: ● Onlayn faollashtirilgan, ● Oflayn faollashtirilgan yoki ● Faollashtirilmagan.
  • F.I.Sh — kalit egasining ismi (O‘zOffice profilingizdagi ism).
  • Tugash sanasi — litsenziya qaysi kungacha amal qilishi.
  • Oyna pastida — Plagin versiyasi va Yangilanishni tekshirish havolasi.

Saytdagi API kalitlari sahifasida esa har bir kalitning muddati, holati va unga ulangan kompyuterlar ko‘rinadi.

Qurilmalar soni va kompyuterni almashtirish

Har bir kalitga tarifingizda belgilangan miqdordagi kompyuter ulanishi mumkin. Birinchi faollashtirishda kompyuter kalitga bog‘lanadi va bitta joyni egallaydi. Shu kompyuterda qayta faollashtirish (masalan, plaginni qayta o‘rnatgach) yangi joy olmaydi.

Qaysi kompyuterlar ulanganini ko‘rish uchun API kalitlari sahifasida kalit ostidagi Qurilmalarni ko‘rsatish ni oching: har bir kompyuterning nomi, Windows va Word versiyasi, plagin versiyasi va oxirgi foydalanish vaqti ko‘rsatiladi.

Joy tugagan bo‘lsa, yangi kompyuterda «Device limit reached for this API key.» xatosi chiqadi. Bunda:

  • Boshqa kalitdan foydalaning — tarifingiz bir nechta kalitga ruxsat bersa, yangi kompyuter uchun alohida kalit yarating.
  • Eski kompyuterni uzish — saytda qurilmani o‘zingiz o‘chira olmaysiz. Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yozing va qaysi kalit hamda qaysi kompyuterni uzish kerakligini ayting — joy bo‘shatiladi.
  • Kalitni almashtirish — eski kalitni o‘chirib (kalit menyusi → O‘chirish), yangisini yaratishingiz mumkin. Diqqat: o‘chirilgan kalit ulangan barcha kompyuterlarda plagin ishlamay qoladi, ularni yangi kalit bilan qayta faollashtirish kerak bo‘ladi.
  • Tarifni oshirish — kattaroq tarif ko‘proq kalit va qurilma beradi. Yangi chegaralar tarif o‘zgargandan keyin yaratilgan kalitlarga qo‘llanadi.

Muddat tugashi va uzaytirish

Kalit yaratilganda unga obunangizning o‘sha paytdagi tugash sanasi yoziladi. Shu sana o‘tgach:

  • Word ochilganda holat satrida «❌ Litsenziya muddati … kuni tugagan.» yoki «❌ Litsenziya faol emas (Expired)…» xabari chiqadi;
  • lentada yana faqat Yordam va Litsenziya guruhlari qoladi. Hujjatlaringizga hech narsa bo‘lmaydi.

Plaginni qayta ishlatish uchun:

  1. Obunani uzaytiring yoki yangi tarif oling

    Saytda obunangizni yangilang.

  2. Yangi kalit yarating

    Eski kalitning muddati o‘zgarmaydi — u yaratilgan paytdagi sanada qoladi. Shuning uchun API kalitlari sahifasida yangi kalit yarating. Muddati tugagan kalitlar kalitlar soni chegarasiga kirmaydi. Agar eski kalit hali amal qilayotgan bo‘lsa va chegaraga yetgan bo‘lsangiz, avval uni o‘chiring.

  3. Word’da yangi kalitni faollashtiring

    Litsenziya oynasida eski kalit o‘rniga yangisini qo‘ying, Faollashtirish ni bosing va Word’ni qayta oching.

Internetsiz (oflayn) faollashtirish

Kompyuter internetga umuman ulanmaydigan bo‘lsa (masalan, yopiq korporativ tarmoqda), plaginni oflayn faollashtirish mumkin. Buning uchun qo‘llab-quvvatlash xizmati shu kompyuterga mo‘ljallangan maxsus imzolangan kalit tayyorlaydi.

  1. Kompyuter ID ni nusxalang

    Litsenziya oynasidagi Oflayn faollashtirish guruhida Kompyuter ID yonidagi Nusxa olish tugmasini bosing.

  2. Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yuboring

    Kompyuter ID ni O‘zOffice hisobingiz e-pochtasi bilan birga qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yuboring (Telegram yoki e-pochta orqali — buni boshqa, internetga ulangan qurilmadan qilishingiz mumkin).

  3. Oflayn kalitni qo‘ying

    Sizga yuborilgan uzun kalit matnini Kompyuter ID ostidagi katta maydonga to‘liq qo‘ying.

  4. «Oflayn faollashtirish» ni bosing

    «Oflayn litsenziya faollashtirildi. Ilovani qayta ishga tushiring.» xabari chiqqach, Word’ni qayta oching.

Oflayn kalit faqat Kompyuter ID si ko‘rsatilgan kompyuterda ishlaydi va o‘z muddatiga ega. Bir kompyuterda bir vaqtda faqat bitta tur faollashtirish bo‘ladi: onlayn faollashtirishga o‘tsangiz, plagin oflayn litsenziya o‘chirilishini so‘rab ogohlantiradi (va aksincha).

Faollashtirish xatolari

Server xabarlari ingliz tilida chiqadi. Quyida ularning ma’nosi va nima qilish kerakligi:

XabarMa’nosiNima qilish kerak
Litsenziya kalitini kiriting!Kalit maydoni bo‘sh.Kalitni saytdan nusxalab, maydonga qo‘ying.
Invalid API key.Bunday kalit topilmadi.Kalit to‘liq nusxalanganini tekshiring — eng yaxshisi, saytdagi Nusxa olish tugmasi bilan qayta nusxalang. Bo‘sh joy yoki qator uzilishi qolmasin.
Key is expired.Kalit muddati yoki obunangiz tugagan.Obunani uzaytiring va yangi kalit yarating.
Key is deleted.Kalit saytda o‘chirilgan.Yangi kalit yarating va uni faollashtiring.
Key is blocked. / Key is inactive.Kalit yoki hisob bloklangan yoki faol emas.Qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat qiling.
Device limit reached for this API key.Kalitdagi barcha kompyuter joylari band.Boshqa kalitdan foydalaning yoki joy bo‘shating — qurilmalar bo‘limi.
Device is deactivated.Bu kompyuter shu kalitdan uzilgan.Boshqa kalit bilan faollashtiring yoki qo‘llab-quvvatlash xizmatiga yozing.
Device activation has expired.Kompyuterning shu kalitdagi faollashtirish muddati o‘tgan.Yangi kalit yarating va u bilan faollashtiring.
Internet mavjud emas yoki serverga ulanib boʻlmadi.Server bilan aloqa yo‘q.Internetni tekshiring. Korxona tarmog‘ida uzoffice.uz ga ulanishni proksi yoki xavfsizlik devori to‘smayotganini administratordan so‘rang. Bo‘lmasa — oflayn faollashtirish.
Serverdan javob olinmadi.Server javob qaytarmadi.Birozdan keyin qayta urinib ko‘ring.
Kalit ichidagi qurilma ushbu qurilma bilan mos kelmadi.Oflayn kalit boshqa kompyuter uchun tayyorlangan.Shu kompyuterning Kompyuter ID sini yuborib, yangi oflayn kalit so‘rang.
Kalit muddati tugagan: …Oflayn kalitning muddati o‘tgan.Yangi oflayn kalit so‘rang.

Boshqa muammolar: Muammolarni hal qilish.

Savolingiz qoldimi?

Yordam xizmati o‘zbek, rus va ingliz tillarida javob beradi — odatda shu ish kuni ichida.